“Oʻlan” — “Turon”ning qadimiy qoʻshigʻi

“Oʻlan” — “Turon”ning qadimiy qoʻshigʻi
11.01.2019 14

Azim chinorning salobati va boʻy-basti uning yerga chuqur qadalgan ildizlariga bogʻliq. Bobomeros qadriyatlar, anʼana va urf-odatlar ham oʻzbek xalqi maʼnaviyatining ana shunday baquvvat ildizlaridir. Milliy qadriyatlarimizni badiiy ifodalarga yoʻgʻrilgan holda tarannum etishda teatr sanʼati oʻziga xos oʻrin tutadi.

Mudofaa vazirligi qoshida faoliyat olib borayotgan “Turon” teatr-studiyasi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini, barcha fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni sahna asarlaridan bahramand etish orqali ularda vatanparvarlik tuygʻularini yanada oshirishga xizmat qiladi. Teatr ijodkorlari Vatanimiz tarixi, uning mustaqilligi yoʻlida jon fido etgan hamyurtlarimiz jasorati hamda milliy anʼana va qadriyatlarimizni madh etuvchi spektakllarni sahnalashtirib kelmoqda.

— Studiyamizning pirovard maqsadi — boy tariximiz, buyuk madaniy merosimiz, qadriyatlarimizni sahna asarlari orqali tomoshabinlarimizga yetkazishdan iborat, — deydi “Turon” teatr-studiyasi rahbari Sayfiddin Meliyev. — Sahna asarlari jarayonida aktyorlarimiz tomoshabin bilan yuzma-yuz muloqotga kirishadi. Tomoshabinga yaqin boʻlish uchun ham spektakllarimizni baland sahnadan turib emas, tomoshabinga judayam yaqin masofadan yetkazishga harakat qilamiz. Teatr-studiyamiz tashkil topganidan buyon “Toʻmaris”, “Bibixonim”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi tarixiy dramalar, Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida sahnalashtirilgan spektakl hamda Jamila Ergasheva asari asosida sahnalashtirilgan “Bir kunlik baxt” melodramani tomoshabinlar eʼtiboriga havola qildik. Teatrimizga Germaniya, AQSH, Angliya, Hindistondan ham tomoshabinlar kelib biz sahnalashtirgan asarlarni oʻzbek tilida tomosha qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirgani bizga mamnuniyat bagʻishlaydi.

Teatr repertuaridan joy olgan bu galgi spektakl “Oʻlan” deb nomlanib, unda ona mavzusi madh etiladi. Mazkur musiqali drama yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Oʻlan” hikoyasi asosida sahnalashtirilgan. Bunda nabirasining nikoh toʻyi arafasida xastalanib qolgan, biroq toʻy buzilmasligi uchun buni farzand­lariga sezdirmaslikka urinayotgan keksa momoning holati, uning atrofida parvona boʻlayotgan oʻgʻillari-yu kelinlari, oʻzbeklarga xos milliy urf-odatlarimiz hamda qadriyatlarimiz tarannum etilgan.

…Hovlida toʻy tadorigi. Kampirning uch oʻgʻli va ikki kelini, qizi bor. Farzandlarining deyarli barchasi uylik-joylik, el-yurtning nazaridagi odamlar, faqat kenja oʻgʻilning hayotda va shaxsiy turmushida ishi yurishmagan. Umr safari tugayotganini sezgan kayvoni momo katta oʻgʻillariga boqib bir quvonsa, kenja oʻgʻliga qarab oʻn kuyunadi. Farzandlari va kelinlari toʻyning shirin tashvishlari bilan kuymalanib yurgan paytda farzand­larning onaizor bilan boʻlgan suhbat jarayonida ular turli dunyoqarash, feʼl-atvorga ega ekanligi namoyon boʻladi. Biroq momo turli xarakterlarni birlashtiruvchi kuch sifatida ularni mahkam bogʻlab turadi. Aktrisa Elmira Rahimjonova keksa momoning ruhiy olamiga tomoshabinni goh hazin, goh oʻktam ovozi bilan olib kira olgan.

Kampir nabirasining toʻyida oʻlan aytishi kerak, biroq vaʼdasining ustidan chiqa olmaydi. Lekin bu ishni vasiyat sifatida qiziga topshiradi, yaʼni avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan urf-odatlar zanjirining yana bir halqasi navbatdagi yangi avlod halqasiga ulanadi. Spektaklning “Oʻlan” deb nomlanishida ham ramziy maʼno bor. “Oʻlan” millatning millat ekanini oʻzida namoyon etgan hayot va oʻzlik qoʻshigʻidir.

Spektaklda Elmira Rahimjonova, Barno Qodirova (momo), Davron Kaunboyev (katta oʻgʻil), Elmurod Shodiyev (oʻrtancha oʻgʻil), Asilbek Eshonov (kenja oʻgʻil), Feruza Sobitova (katta kelin), Zilola Haqberdiyeva (oʻrtancha kelin), Gulxumor Abdullayeva (momoning qizi), Erkin Bozorov (kuyov), Dilshoda Joʻrayeva (kelinchak) kabi taniqli aktyor va aktrisalar oʻz rollarini mahorat bilan ijro etishgan. Spektaklda toʻylarni “dabdababozlik” bilan oʻtkazish muammosi ham koʻtarib chiqilgan va bundan toʻgʻri xulosa chiqarish tomoshabin eʼtiboriga havola qilinadi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu badiiy kompozitsiya inson qalbiga umr oʻtkinchiligi, ota-onaga doimo eʼtiborda boʻlib, xizmatini sharaf bilan ado etish, yaqinlarga mehr-muruvvat koʻrsatish kabi ulugʻ fazilatlarni singdirishga xizmat qiladi. Spektaklga xolis bahoni esa vaqt va tomoshabin beradi.

Dilfuza MAHKAMOVA,
Sardor MULLAJONOV (foto)

“Milliy tiklanish” muxbirlari

Yangiliklar