Tinchlik bebaho ne'mat!

Tinchlik bebaho ne'mat!
11.01.2019 14

Bugun, yurtimiz tinch, hayotimiz osoyishta, mamlakatimizning har bir hududida bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Uzoq safarlarga ketib, bir necha kun oilamizdan olisda boʻlsak ham, har kuni erta ketib, kech ishdan qaytsak ham, uydagilardan koʻnglimiz xotirjam. Bunga yurtimizdagi tinchlik sabab.

Shu oʻrinda, tinchlikning naqadar ulugʻ neʼmat ekanini anglab yetamiz. Haqiqatan ham, tinchlik bebaho neʼmatdir. Uni saqlamoq, avaylamoq, kerak boʻlsa bu yoʻlda jonni fido qilish shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir!

Bu osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi, yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib yashashimiz kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 13-dekabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoyishi qabul qilindi.

Mazkur farmoyishga binoan 2018-yilning 15-dekabridan 2019-yilning 15-yanvariga qadar mamlakatimizda “Vatanparvarlik oyligi” deb belgilandi. Bu safargi bayram tadbirlari avvalgilaridan oʻzgacha ruhda oʻtkazilmoqda.

Vatan himoyachilari kunining keng nishonlanishini taʼminlash davlat va jamoat tashkilotlarining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri hamda Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining sharafli burchidir.

Prezidentimizning mazkur farmoyishidan bir kun oldin, 2018-yilning 12-dekabr kuni “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilindi.

Qarorda oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha burch tuygʻusini shakllantirish, chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha va fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash zarurligi belgilangan.

Shuningdek, yoshlar orasida ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini tarbiyalash, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha yuksak burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi ishlarni kuchaytirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan turli sport va boshqa tadbirlarni, festivallar va tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazishni kengaytirish hamda zamon talablarini hisobga olgan holda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda yoshlar va fuqarolarda yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Darhaqiqat, yurtimizning tinchligini, osoyishtaligini saqlashda shubhasiz Vatan himoyachilarining oʻrni, shijoati va jangovar shayligi beqiyosdir. Ular yurt sarhadlarini sergaklik bilan qoʻriqlamoqda.

Vatan himoyachisi degani, eng sharafli va oliy kasb ekanligini yaxshi bilgan harbiylarimiz har tomonlama, jismoniy va maʼnaviy jihatlardan loyiq boʻlishlikni yaxshi anglaydilar.

Harbiylarimiz ona Vatan himoyasi hayot-mamot masalasi ekanini, el-yurt taqdiri shu nuqtada tutashishini anglab yetganlar. Ular oʻz ota-onalarini, aka-ukalarini, opa-singillarini himoya qiladilar. Oʻzlari tugʻilib oʻsgan shaharu-qishloqlarni, qavmu-qarindoshlari, bir soʻz bilan aytganda, jonajon Vatanini qoʻriqlamoqdalar.

Shu oʻrinda bir narsani unutmasligimiz kerak, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar - oʻqituvchi yoki shifokor boʻladimi, tadbirkor yoki xizmatchi boʻladimi, qayerda boʻlmasin oʻz Vatanini munosib himoya qilishi kerak.

Tarixga nazar tashlasak, buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temur, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi kabi ulugʻ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yoʻlida qoʻlida tigʻ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajrida yonib oʻtgan Zahiriddin Muhammad Boburlar beixtiyor koʻz oldimizga keladi.

Shu bois, kelajak avlodlarning ongu shuuriga ana shu ulugʻ sarkardalarning ona Vatan himoyasi va manfaati yoʻlida koʻrsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini singdirmogʻimiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuygʻulari, yurtni tashqi kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam oʻrin oladi.

Zero, shu aziz va muqaddas Vatan barchamizniki, uni asrab-avaylash ham barchamizning chin farzandlik burchimizdir!

Bahodir XOLMATOV,

OʻzMTDP Markaziy kengashi Ijroiya

qoʻmitasi devoni bosh mutaxassisi

Yangiliklar