Tursang soʻzingda — hurmat oʻzingda: deputatlar saylovoldi vaʼdalarini bajardimi?

Tursang soʻzingda — hurmat oʻzingda: deputatlar saylovoldi vaʼdalarini bajardimi?
11.01.2019 27

OʻzMTDP fraksiyasi aʼzosi Nodir Muxtorov bilan boʻlgan sarhisob muloqotni hukmingizga havola etamiz.

— Deputat, eng avvalo, saylovchilari oldida hisobot berishi vakillik ins­titutining tabiatiga xos. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari orqali hisobot berish ham xalq va saylovchilarga hisobot berishning bir koʻrinishidir. Shu nuqtai nazardan sizni 2018-yilda amalga oshirgan ishlaringiz haqida hisobot shaklidagi muloqotga taklif etdik.

Deputat qonun ijodkorligining muhim va asosiy subyektlaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, avvalo, oʻtgan yildagi qonun ijodkorligi faoliyatingiz haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

— 2018-yilda Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi qarori bilan qoʻmita aʼzosi sifatida yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi, “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun loyihalariga masʼul boʻldim. Xabaringiz bor: 2018-yilning 12-aprel kuni “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

Ayni paytda yangi tahrirdagi “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishga tayyorlayapmiz. Bu jarayonda turizm rivojlangan 15 davlat, jumladan, AQSH, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Xitoy va mus­taqil davlatlar hamdoʻstligi davlatlarining turizmga oid maxsus qonunlari va Xalqaro turizm tashkilotining beshdan ortiq xalqaro hujjati, 2017-2018 yillarda yurtimizda qabul qilingan 40dan ortiq huquqiy hujjatlar oʻrganilmoqda. Natijada Prezidentimizning biz qonun ijodkorlariga qoʻyayotgan eng katta vazifasi — toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlarni yaratish, qonunosti hujjatlarini kamaytirish talabidan kelib chiqib, birinchi oʻqishda 26 moddadan iborat qonun loyihasi bugungi kunda 42 moddaga aylantirildi, loyihaning aksariyat moddalari yangi qism va qoidalar bilan toʻldirildi.

Yana bir qonunchilik tashabbusimiz — “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi 2018-yil 3-iyul kuni qabul qilindi. Qonunda jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga, chekishni reklama hamda targʻib qilishga yoʻl qoʻymaslik, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir profilaktik chora-tadbirlar, masʼullarning majburiyatlari belgilandi.

Shuningdek, fraksiyadoshimiz bilan birga 2017-yilda Qonunchilik palatasiga kiritgan madaniy meros obyektlarining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham 2018-yilda parlament quyi palatasida qabul qilindi.

Ayni kunlarda fraksiyamiz aʼzolari bilan birgalikda 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun lo­yihasini tayyorlab, muhokamalardan oʻtkazyapmiz. Qonun loyihasida Vatanimizning davlat bayrogʻidan yanada kengroq foydalanishga imkoniyat yaratish koʻzda tutilgan. Bunda, albatta, asosiy talab — uni qoʻllashda hurmatsizlikka yoʻl qoʻymaslikdan iborat.

— Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining asosiy funksiyalaridan yana biri — saylovchilarning manfaatlarini himoya qilishdir. Shu maʼnoda oʻzingiz saylangan 43-Pop saylov okrugida qanday ishlarni amalga oshiryapsiz? Saylovchilar bilan doimiy muloqotda boʻlish, ularning murojaatlari bilan ishlash borasida qanday natijalar bor?

— 2018-yilning birinchi yarmida deputatlarning 10 kun muddatga joylarga chiqish loyihasi doirasida Namangan viloyatining Pop, Chortoq, Mingbuloq va Norin tumanlarida oʻrganishlar olib bordik. Bunda aholining koʻplab murojaatlari joyida hal etilishiga erishildi. Shuningdek, oʻtgan yilda saylovchilardan kelgan 300dan ortiq murojaatga javob berildi. 40 ta shaxsiy qabul oʻtkazildi. Murojaatlarning aksariyatini qanoatlantirishga, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning muammolarini yechishga, koʻproq amaliy yordam koʻrsatishga eʼtibor qaratildi. Jumladan, yanvar-fevral oylarida Pop tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinida 21-umumtaʼlim maktabining filiali sifatida 240 oʻrinli maktab binosini qurishni rejalashtirish, keyinchalik rejadagi 240 oʻrinli maktab binosini 96 oʻringa kamaytirilayotganidan norozi fuqarolarning bir necha marta telefon orqali murojaati eshitilgach, mazkur muammo Pop tuman hokimligi, viloyat xalq taʼlimi bosh­qarmasi, Xalq taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari bilan birga muhokama qilindi. Natijada bugun tumanimizning uzoq, togʻli hududida yangi maktab qurish ishlari boshlanishiga erishildi. Yana bir misol — oldingi yillarda deputatlik tashabbusi bilan Xonobod qishlogʻida 19-umumtaʼlim maktabining filialini qurishni Davlat dasturiga kiritishga muvaffaq boʻlgan edik.

Pop tumani Xalqobod shaharchasi fuqarolari hududda qurilayotgan sement zavodi ekologiya va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganidan shikoyat qilib, bir necha marta jamoaviy murojaat yoʻlladi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi hamda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga deputatlik soʻrovi yuborildi.

2018-yilning may oyida fuqarolarning ikki yillik yozishmalarining natijasi sifatida Pop tumani “Imom ota” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli Parda Tursun nomidagi Respublika sil kasalliklari sanatoriysi hududida aholi oxirgi oʻn yilda qurib olgan 43 xonadon yerlari Pop tuman hokimligi zaxira balansiga qaytarildi. 43 xonadon egalariga nisbatan ijro harakatlari bekor qilindi, ularning yerlariga kadastr hujjatlari bosqichma-bosqich qilib berilmoqda.

Pop tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Gʻurumsaroy tibbiyot boʻlimi va qishloq oilaviy poliklinikasini taʼmirlash ishlariga mablagʻ ajratish uchun Sogʻliqni saqlash va Moliya vazirligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi va mablagʻ ajratildi. 2018-yilning 28-dekabr kuni mazkur tibbiyot boʻlimi foydalanishga topshirildi.

Mingbuloq tumanining Gulbogʻ va Mehnatobod qishloqlari ham 43-Pop saylov okrugiga kiradi. Ushbu hududlardagi oʻrganishlar davomida tushgan murojaatlar asosida Gulbogʻ qishlogʻi “Yoshlik” MFY hududida joylashgan Jomashoʻy melioratsiya qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kolleji axborot-resurs markaziga qarashli 1-sonli shoxobcha kutubxonasini taʼmirlashga mablagʻ ajratish va 100dan ortiq yangi kitob bilan toʻldirishga amaliy yordam berildi.

Bundan tashqari, “Chodak kichik turistik zonasi”ni tashkil etishga huquqiy jihatdan koʻmaklashilmoqda, Chorkesar qishlogʻida turistik zona tashkil etish boʻyicha Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Albatta, bu bilan saylov okrugidagi barcha masala va muammo hal etilyapti, deya olmaymiz. Fuqarolarning kredit olish, nodavlat taʼlim muassasalari ochish, uy-joy olish, ishga joylashish, yoʻl qurilishi, elektr tarmogʻi tortish kabi shaxsiy murojaatlarini ham ijobiy hal etishga harakat qilyapmiz.

— Deputat, albatta, oʻzi saylangan siyosiy partiya bilan doimiy aloqada boʻlishi kerak. Bu borada Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bilan aloqangiz qay darajada yoʻlga qoʻyilgan?

— Partiya faoliyatida doimiy ishtirok etib kelamiz. Xususan, 2018-yilda oʻtkazilgan barcha Plenumlarda, Ijroiya qoʻmita yigʻilishlarida, partiyaning Markaziy kengashi va hududiy tashkilotlarida oʻtkazilgan tadbirlar va turli loyihalarda ishtirok etib, oʻz taklif-tavsiyalarimizni bildirdik. Jumladan, aprel va noyabr oyida OʻzMTDP Markaziy kengashi va fraksiyasi hamkorligida oʻtkazilgan “Qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari hamkorligini taʼminlashning zamonaviy usul va vositalari” mavzusidagi oʻquv-seminarda maʼruza bilan qatnashdim. Shuningdek, aprel-may oylarida Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va partiyamizga yuborilgan “Madaniy meros sohasidagi faoliyatni tubdan isloh qilish toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi hamda “Moddiy madaniy meros sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi yuzasidan partiya takliflarini shakllantirdik va Madaniyat vazirligiga yubordik.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 190-bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi “Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoyishining ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida 2018-yilning fevral-aprel oylarida jami 5 ming 287 ta moddiy madaniy meros obyekti haqida hududlar kesimida foto materiallar hamda ushbu obyektlarga doir maʼlumotlar tayyorlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga taqdim qilindi.

2018-yilning sentyabr-noyabr oylarida partiyaning hududiy tashkilotlari va deputatlari, shuningdek, Madaniyat vazirligining hududiy tuzilmalari vakillari, tarixchi, arxeolog olimlar va soha mutaxassislari tomonidan respublikadagi barcha moddiy madaniy meros obyekti toʻliq xatlovdan oʻtkazildi, ularning dalolatnomalari va rasmlari (45 mingdan ortiq rasmlar) shakllantirildi.

Bugun partiyamiz xodimlari bilan bir qator amaliy-uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish, milliy oʻzlikni anglashni rivojlantirish yoʻnalishida zamonaviy loyihalarni yaratish, bir qator meʼyoriy hujjatlarni bugungi kun talablariga muvofiqlashtirish, shuningdek, 2019-yilda boʻlib oʻtadigan saylovga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz.

— 2018-yilda xalqaro hamkorlik sohasidagi ishlarda ham faol ishtirok etdingiz. Bu jarayonda qanday natijalarga erishildi?

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tanqidiy oʻrganish va tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashni tashkillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosi doirasida Xitoy davlati tajribasini oʻrganish, shuningdek, tegishli memorandumlar tuzish maqsadida guruh rahbari sifatida Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻldik. Xizmat safari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining innovatsiyalarni rivoj­lantirish vazirligi bilan Dasin biotibbiyot industrial parki Boshqaruv qoʻmitasi oʻrtasida, “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasi bilan “Pekin-Ilin farmatsevtika” kompaniyasi oʻrtasida, “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasi bilan Dasin biotibbiyot industrial parki Boshqaruv qoʻmitasi oʻrtasida, Toshkent farmatsevtika instituti bilan Xitoy farmatsevtika universiteti oʻrtasida, Sogʻliqni saqlashni tashkil etish va jamiyat salomatligi ilmiy tadqiqot instituti bilan Xitoyning “Hengjiang” salomatlik instituti oʻrtasida, Toshkent stomatologiya instituti bilan Xitoyning “Hengjiang” salomatlik instituti oʻrtasida memorandumlar imzolanishiga erishildi. Bundan tashqari, “PICC” Xitoy sugʻurta kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etishga koʻmaklashish boʻyicha, “CITIC tourism Co., Ltd” bilan Oʻzbekis­tonda turizmni, ayniqsa, tibbiy turizmni rivojlantirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, 2018-yilning oktyabr-noyabr oyida xizmat safari bilan Koreya Respub­likasida boʻldik. Xizmat safari davomida Janubiy Koreya Koryo universitetining tibbiyot markazi bilan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Qoraqalpogʻistondagi Nukus filiali oʻrtasida doimiy hamkorlik memorandumini tuzish va imzolashga erishdik. Bugun Memorandum ijrosi doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Koryo universitetining tibbiyot markazi filialini ochishga oid hujjat loyi­hasi tayyorlanib, muhokamadan oʻtkazilmoqda.

— Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiya aʼzosi sifatida qanday ishlarni amalga oshirishda ishtirok etdingiz?

— Deputatning kundalik faoliyati uning oʻzi aʼzo boʻlgan fraksiya bilan bevosita bogʻliq. Shu bois yil davomida fraksiyaning turli masalalarga bagʻishlangan 50ga yaqin yigʻilishlarida ishtirok etib, 20ga yaqin qonunlarga taklif berdim. Fraksiya aʼzolari bilan birgalikda madaniy meros, elektron sigaret va chilimni chekishni cheklash, davlat bayrogʻimiz bilan bogʻliq 3 qonun loyihasi va 2 qaror loyihasini tayyorlash tashabbusida qatnashdim.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining eshituvini tashkil etishga masʼullik qildik.

— Maʼlumki, 2017-yil 12-iyulda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, sohani muntazam oʻrganib, nazorat qilib borish vazifasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi zimmasiga yuklagan edi. Mana shu umumijtimoiy jarayonlardagi ishtirokingiz haqida ham fikrlashsak.

— 2018-yilning 28-dekabr kuni Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish — Yaratganning oʻzi bizga bergan tarixiy imkoniyat, desak, toʻgʻri boʻladi”, degan taʼkidlaridan kelib chiqsak, biz ham jonajon Vatanimiz va xalqimizning bir xizmatchisi sifatida nafaqat palata va partiya faoliyatida faol ishtirok etish, shu bilan birga, davlat va jamiyat uchun muhim boʻlgan umumiy islohotlarga baholi qudrat hissa qoʻshishga harakat qilmogʻimiz lozim. Bu borada oʻtgan yilda aholini dori vositalari bilan taʼminlashdagi kamchiliklarni oʻrganish va bartaraf qilish maqsadida Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi ahvol bilan tanishdik. Ijtimoiy dorixonalarni ochish, dori vositalari sohasida qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlandi.

Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilm-fan, kadrlar siyosati yoʻnalishini tanqidiy oʻrganish boʻyicha ishchi guruhi rahbari sifatida respublikadagi 11 ta tibbiyot oliy oʻquv yurti va 20ga yaqin tibbiyot kollejlarining faoliyati tanqidiy oʻrganildi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hujjatlari va 15dan ortiq xorijiy davlatning tajribalari oʻrganildi. Eng muhimi, oʻrganish natijasida “Sogʻliqni saqlash tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish, kadrlar siyosatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi hamda Sogʻliqni saqlash tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish, kadrlar siyosatining istiqboldagi Konsepsiyasi, kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasi bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuvdan oʻtkazilmoqda.

— Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan navbatdagi Murojaatnomasida belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan 2019-yilgi Davlat dasturi loyihasi ayni paytda keng muhokama qilinmoqda…

— OʻzMTDP fraksiyasida 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi chuqur oʻrganilib, tahlil qilindi. Davlat dasturi loyihasi mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati, shuningdek, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini hayotimizga amalda keng joriy etishga, jahonda yuz berayotgan oʻzgarishlarga moslashishga, Oʻzbekiston Res­publikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga muvofiq tayyorlangan.

Loyihada mamlakatimizni demokratik rivojlantirish, Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, ayni paytda, ularning masʼuliyatini kuchaytirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, eng muhimi, oddiy odamlar uchun farovon turmush sharoitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Dastur loyihasida Oliy Majlis palatalari yuridik xizmatlari negizida yuridik boshqarmalar tashkil etish belgilangani eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, loyihada idoraviy hujjatlarni qabul qilish amaliyotini toʻxtatish masalasini ham belgilash, parlament nazoratini samarali tashkil etish uchun xuddi yuridik boʻlim isloh etilayotgani kabi palatalarning tashkiliy-nazorat va tahlil boʻlimlari faoliyatini ham xorijiy davlatlar tajribasi asosida tubdan qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Loyihada Oliy Majlisda Davlat byudjeti boshqarmasini tashkil etish koʻrsatilgani ham deputat va senatorlar uchun parlamentning asosiy funksiyalaridan biri — Davlat byudjetining daromad va xarajatlarini muntazam kuzatib borish, nazorat qilish, professional tarzda muhokama etish imkoniyatini yaratadi. Taʼkidlash lozim, rivojlangan davlatlarda Davlat byudjeti loyihasini qabul qilish va nazorat etishning ochiq, samarali va demokratik mexanizmi yaratilgan. Unga koʻra, navbatdagi yil uchun byudjet xarajatlari har bir vazirlik va idora kesimida parlamentga taqdim etilganidan keyin, belgilangan muddat ichida barcha vazirlik va idora Davlat byudjetidan soʻragan navbatdagi yil uchun xarajatlarni parlamentning tegishli qoʻmitasiga kelib isbotlab berishlari lozim. Bundan tashqari, Davlat byudjeti qabul qilinganidan keyin uning ijrosi ustidan samarali parlament nazorati oʻrnatilgan. Unga koʻra, har oyning oxirida byudjetning daromad va xarajat qismlari boʻyicha batafsil, toʻliq axborot yoki hisobot elektron shaklda parlamentga taqdim etib boriladi. Deputatlar mablagʻlar tasdiqlangan maqsadlar uchun sarflanyaptimi, oʻz vaqtida moliyalashtirilyaptimi, byudjet defitsiti yuzaga kelmayaptimi, yuzaga kelgan boʻlsa, uning sabablari nimadan iborat kabi dolzarb savollarga javob topish, zaruratga qarab, byudjet ijrosini oʻz vaqtida toʻgʻrilash boʻyicha masalani koʻrib chiqish imkoniga ega.

Shu bois fraksiyamiz aʼzolari loyihada Oliy Majlis palatalarida Davlat byudjeti loyihasini qabul qilish, uning ijrosi ustidan parlament nazorati samaradorligini oshirishning yuqoridagi kabi mexanizmlarini belgilash maqsadga muvofiq boʻladi, degan fikrda. Shuningdek, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha Bosh vazir va Hukumat aʼzolari amalga oshirilgan ishlar haqida Senat va Qonunchilik palatasi oldida har chorakda hisobot berib boradi” mazmundagi gʻoyasidan kelib chiqib, loyihaning 1-bandida koʻrsatilgan Oliy Majlis palatalarining norma ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishidagi faoliyatini kuchaytirish, samaradorligini oshirish yoʻnalishiga mazkur gʻoyani parlament nazoratining yangi shakli sifatida qonunda mustahkamlashni belgilash maqsadga muvofiq.

Soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida mahalliy Kengashlarning vakolatlari, ayniqsa, nazorat yoʻnalishidagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Shundan kelib chiqib, Davlat dasturi loyihasida “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunga oʻxshab, “Mahalliy Kengash nazorati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasini ham koʻrib chiqish lozim, deb hisoblaymiz. Loyihada deputat va senatorlarning jismoniy va yuridik shaxs­larning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish masalasiga ham eʼtibor qaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Boisi, aksariyat holatlarda deputatlar murojaatlarni tegishli tashkilotlarga yuborish bilan cheklanib qolmoqda. Parlament faoliyatiga oid qonunlarga tizimli muammolar boʻyicha tushayotgan murojaatlarni deputatlar hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida joyiga chiqib oʻrganib, hal etish choralarini koʻrish yuzasidan tegishli normalarni kiritish koʻplab muammolarni amalda hal etish imkonini beradi.

Umuman olganda, Davlat dasturi loyihasining keng muhokamaga qoʻyilishi demokratik tamoyillarga mosligi hamda xalq bilan maslahatlashishning oʻziga xos amaliyoti ekani bilan alohida ahamiyatga ega. Binobarin, partiyamizning barcha deputati va tashkiloti loyihani rivojlantirishga oid takliflarni ishchi guruhiga taqdim etib, uni yanada takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshishi maqsadga muvofiq.

OʻzMTDP Markaziy kengashi
Ijroiya qoʻmitasi devoni matbuot kotibi
Doniyor TOSHBOYEV suhbatlashdi.


Yangiliklar